MAZLUM
Mazlumuz  MAZLUM

WorldBookDealers                                                                                 Общество Правозащитников  МАЗЛУМ

                                                             На главную страницу         
                                     

                        YUZMINGLARDAN BIRI:

                            Bahrom Adambaev

Bahrom dunyoga kelgandan beri odamga o’xshab bir yozilib yashaganini eslolmaydi. Hali u go’dak ekanida ota-onasi bir-biridan ajrashdi. Bahrom onasi Lola bilan Hozaraspdan Bog’otga bosh olib ketishdi. O’gay ota qo’lida o’sdi. Esini tanir-tanimas kolxozda ishlab, ko’p qiyinchilik bilan o’rta maktabni bitirdi. U Toshkentda institutda o’qishni orzu qilgan edi. Sharoit qani? Pul qani?  Qora qozonlari qaynamaydiyu o’qishga yo’l bo’lsin!  Mustaqillikdan keyin bir bo’lak qora non topish ham qiyin bo’lib qoldi.  Shunga Bahrom mayda tijorat bilan shug’ullanishga majbur bo’ldi. Chunki kolxoz haq bermay qo’ydi. Biroq tijoratda ham ta’magir militsiyonerlar bilan “til”lashib ishlash qiyin edi. Ta’magirlik jamiyatning tuzalib bo’lmas yarasiga aylangan edi.

Yasavullarga tomizib turmasang bir kun ham ishlashga qo’ymaydi. Tomizaverishga esa mador qani?  Uchma-uch kun ko’rishmasa, boshqa gap edi. Davlatning ustunlariga (bu militsionerlarning o’z gapi) tomizib turardi. Og’ir og’ir mehnatkash elga og’ir. Davlat bilan el orasida o’tib bo’lmas devor allaqachon paydo bo’lgan. Allaqachon! Bu devorni “qurishda” yasavullar o’lib-tirilib “jon kuydirdilar”, “jon kuydirmoqdalar”... Bularning ishi to’hmat, zo’rlik, yolg’on, qamash, yitishga asoslangandan keyin nima bo’ladi? Yasavulni ko’rsa elning ko’ngli ayniydi. Bunday nafrat uzratga olib keladi... “Davlatning ustuni” davlatni shunga olib kelgan... Buni ongli xalq ko’rib, sezib, his etib turibdi.

Tomizishga madori yetmay qolgan Bahrom Adamboevning yosh umrini (1968 yilda tug’ilgan) oxiyri ta’magir yasavullar xazon qildi. 1993 yilning mart oyida uni hiyla-nayranglar bilan qamoqqa olishdi.  Voqea shunday ro’y berdi: Bahromning qo’lida 10 metr pardalik material bo’ladi. Nuquljon degan xotin “5 metrini olaman”, deb uni uyiga boshlab kiradi. Xonada yana bir ayol bo’ladi. Yasavul nag’masiga uchgan Nuquljon  “voy dod, meni zo’rlayapti!” deb unga yopishadi...

Sudda Nuquljon: “Bahromga to’hmat qilganim uchun xudo meni urdi, qo’lim sindi, mening ko’rgazmalarim yolg’on” deb aytadi.  “Birinchi ko’rgazmangda turasan, bo’lmasa o’zingni qamaymiz!”, deb baqiradi unga Sudya. Xonada bo’lgan ikkinchi ayol ham “Bahromda hech bir ayb yo’q” deydi. Shunda non, osh-tuzi, turgan-turmushi to’hmatdan iborat bo’lgan yasavullar tag’in bir firib ishlatdilar: Bahromning onasi Lola xolaga “Agar “o’g’limni qamab qo’yinglar” deb yozib bersangiz, ikki kun ichida o’g’lingizni qo’yib yuboramiz” deb qayta-qayta aldaydi, qasamlar ichadi. Sodda ayol bunga laqqa ishonadi, yozib beradi. Xatni olgach yasavullar: “Endi o’g’lingni jahannamda ko’rasan” deydi. Lola xola qattiq aldanganini sezib, miyasiga qon quyilib o’ladi.

Elimizda shunday go’l, ishonuvchan, bechorahol kishilar borligidan qayg’urmasdan, kuymasdan bo’ladimi?

Dunyoda yolg’iz mehriboni, aziz onasidan ayrilgan Bahrom Rajabovich Adamboevni sudya sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etadi. O’shanda Bahrom yigirma besh yoshda edi. Eng gullagan paytida hech bir guvohsiz, hech bir aybsiz uni firib bilan qamoqqa tiqishdi, yosh umrini payhon etishdi.

“Qilmish-qidirmish” deganday Nuquljon xotinni ham keyin qoradori bahonasida qamaqb yuborishdi.

Bahrom Adamboev 31 yoshida, 1998 yilning dekabr oyida, sog’ligidan ayrilib qamoqdan chiqdi. Lekin Bog’ot tumani yasavullari uni yashashga qo’ymadi. Shunda u yurtboshiga qon yig’lab xat yozdi. Bu sodda xatda shunday o’tinchlar bor edi:

Birinchi: Meni Bog’ot tumani aholi ro’yxatiga olinishimga yordam bersangiz.

Ikkinchi: Meni ish bilan ta’minlanishimga yordam bersangiz.

Uchinchi: Meni milisalar tinch qo’yishlariga yordam bersangiz.

Omadni qarangki, yigirma sakkiz kun deganda Yurtboshidan javob xati keldi. Biroq bu maktub uningt qo’liga tegmadi. Xorazm viloyat Ichki Ishlar Boshqarmasiga chaqirishdi uni. Va yasavulboshi:

-               “Mening ishlarim ijobiy hal etildi”, deb Prezident nomiga xat yozib ber, - deydi.

-               Avval hal bo’lsin, keyin yozib beraman, Yurtboshimizni ham aldasak, iymon qoladimi yurtda, - deb javob beradi Bahrom yasavulboshiga.

-               Yo bizning aytganimizni qilasan, yo ?!! – deb gapini tugatmaydi yasavulboshi.

-               Men yolg’onni yozmayman, ho0zir namoz o’qiyapman, gunohga botishni istamayman, deydi Bahrom.

-               Yozasan, hamma aytganlaring bo’ladi, keyin senga bir o’zbek maqolini eslatib qo’yay, qulog’ingga quyib ol: “O’ynashmagin arbob bilan, arbob urar, har bob bilan...”

-               Prezidentimizdan zo’r odam yo’q yurtimizda, - deydi soddadillik bilan Bahrom, u kishi menga yaxshilik qilyapti, yolg’onni yozishga majburlamang meni.

-               Men senga bir gapni aytay: Davlat ham, prezident ham biz bilan... Biz bormiz: davlat bor, prezident bor... Esing bo’lsa bu gapning mag’zini chaqib ko’rarsan. Bu gapni men senga aytmadim, sen bu gapni eshitmading. Tushundingmi?!.

Bahrom bu gapni aytarkan, mening esimga beixtiyor O’zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vaziri tergov-qidiruv ishlari bo’yicha o’rinbosari Sayfulla Asadovning quyidagi savoli keldi:

-               Stalinning shuncha uzoq yil ishlashi nima bilan bog’liq deb o’ylaysiz?

Shubhasiz, men indamadim.

Sayfulla bu savolni menga ataylab uch marta berdi va ko’zimga sinchkovlik bilan tikilib turdi. Ha, ha, aynan shunday.

Men chin fikr bildirib, vaziyatni yanada murakkablashtirishni o’zimga ep ko’rmadim.

Endi Sayfulla Asadov malum darajada ochilishga majbur bo’ldi:

-               MVD sababli emasmi?..

-               Balki?... – dedim aniq javobdan qochib.

-               Hamma narsani bilasiz...

Men vazir o’ribosarining so’zlarini ne uchun keltiryapman?  Chunki uning gapi bilan xorazmlik yasavulboshining gapi bir yerdan chiqyapti. Bu gap-so’zlar nimaga, nimalarga ishora ekanini qaysi ahmoq ilg’ab olmaydi deysiz?..

Oxiyri Bahrom Adamboev: “hamma ishlarim ijobiy hal bo’ldi” deb yurtboshi nomiga xat yozib berishga majbur bo’ladi. Yo’qsa: “O’ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan...” degan gap amalga kirishi mumkin. Mumkingina emas, aniq. Abduvali Qoriday odamlar izsiz yo’qolib ketayotgandan keyin nima deysiz?.. Yana qancha avtoavariyalar!.. Bular tasodifmi?.. Ichki Ishlar Vazirligi zindonida Emin Usmondek yozuvchi, Shoxruh Ro’zimurodovdek jurnalistlar ochiqdan-ochiq urib o’ldirilayotgandan keyin avtoavariyalar, izsiz yo’qolishlar nima degan gap?.. Oxiri baxayr bo’lsin, “davlatning ishongan ustuni” davlatning boshiga yetmasa! Kechmishni o’qing... Doim shundoq. Ishonganingdan qo’rq!.. Chunki u hamma siringni biladi...

Bir marta nomingni qora qilgandan keyin, o’zlari... yahsashga qo’yadimi? Qama... Qama... Qama... Yurtda bundan boshqa “o’sish” bormi? Qamoqxonalar ham yorilib ketmaganiga hayronsan!... Qamash, qiynash, o’ldirish bilan Stalin “mashxur” bo’lmaganmi?.. “Dohiy” Lenin-chi?  Pinochetta-chi? Yoki Kimyorsan?!!  Tarixda nom qoldirishning yo’li ko’p!.. Taqlid ham “zo’r” narsa!..

2001 yil 22-aprel kuni, yana “dohiy” Lenin tug’ilgan kuni deng, ayni shu Lenin davlatiga “jonlarini berib” “xizmat qilgan” kimsalar, endi esa ikkiyuzlamachilik bilan undan yuz o’girishib, uni otasidan, onasidan so’kishib, o’zlarini mustaqillikka “jonlarini berib” xizmat qilayotgandek ko’rsatishib, naq oltita mashinada yigirma yasavul (“Jiguli”, “Nexi”, “Tiko”, “Damas”larda) Bog’otning Alisher Navoiy ko’chasidagi 3-uy, 4-xonadonni shovqin-suron, ur-yiqit bilan bosishdi. Ikkinchi qatda joylashgan bu uch xonali kvartira manglayi “sho’r” Bahrom Adamboevniki edi. Bu paytda Bahrom xotini Ra’no bilan eshik oldida turishgan edi. Tish-tirnoqlarigacha qurollangan fuqaro va militsiya kiyimlardagi bu yigirmata yasavul to’daning boshlig’i Bahrom Safoev edi. Ular viloyat va tuman IIBlari tezkorlari edilar. Bahrom Safoev hech qanday gap-so’zsiz birdan va kutilmaganda Bahromning qo’liga shaqillatib kishan soldi. GPU, NKVD lar ham buning oldida halvo ekan. Ular odatda uch kishi bo’lardilar. Hech bir shovqin-suron, g’avg’osiz ish ko’rardilar. “Madaniyat” bilan “biz bilan yursangiz” derdilar. Bu nima degan gap? Yoppa-yorug’ kuni, soat 8-larda, butun mahalla, domni bezovta qilib, qo’rqitib, vahimaga solib, shovqin ko’tarish? Tag’in shuncha kimsa!.. Qaysi asrda yashayapmiz o’zi?  Xuddi bir ashaddiy josusni qo’lga tushirishayotgandek baqirish-chaqirishlar, o’ta iflos so’zlar bilan so’kishlar!.. Yurtning egasi bormi o’zi?!  Xalq degani shundoq ayoqosti bo’laveradimi?..

Eshik qulf edi. Bahrom Safoev Ra’noning qo’lidan zo’rlik bilan kalitni tortib oldi va o’zini “nari tur” deb ko’kragidan itarib yubordi. Lekin Ra’no ham bo’sh kelmadi:

-               Kimsizlar, o’zlaringni tanishtiringlar, - dedi.

-               Men Kenjaevman, - yolg’onni yamlamay yutdi Bahrom Safoev.

-               Sizlar-chi? Qaerdansizlar?

Bog’ot tumani IIB ining Jinoyat Qidiruv bo’limi boshlig’i Amat ham, uning yordamchisi Zarif ham o’z otlarini o’zgartirib aytdilar.

-               Senga emas bizni tanish, - dedi qolganlari.

O’z uyida kishanlangan Bahromni urib yiqitishdi.

-               Urmanglar, o’ldirib qo’yasizlar erimni, - dedi Ra’no.

-               O’lsa, bir jinoyatchi kamayadi’

Er-xotinni bir xonaga tiqishdi.

-               Tintuvga haqlaring yo’q! - dedi Bahrom Adamboev.

-               Sanktsiyalaring bormi? – so’radi Ra’no.

-               Surxandaryolik tojik Abduhakim Ahadovning ko’rgazmasi bizga yetarli. Undan besh gramm geroin olgansan. Senga sanktsiya shu.

-               Qonunni o’zlaring buzyapsizlar. Buning ustiga yana to’hmat qilyapsizlar. Abduhakim kim? Biz uni bilmaymiz.

-               Senga emas gapirish, qanjiq! – baqirdi Bahrom Safoev. – Hurmatli prezidentimizga ovoz bermagan senmisan? Nima, qarshimisan yurtboshimizga, davlatimizga? Butun xalq unga ovoz berganda bir sen daryoni teskari oqizmoqchimisan? Xalq dushmanimisan? Vatan xoyinimisan?

Gapning ildizi qaerga borib taqalayotganini endi sezgan Ra’no jim bo’lib qoldi. Bahrom Adamboevning ham nafasi ichiga tushib ketdi. Rostdan ham Ra’no yurtboshiga qarshi ovoz bergan edi. Buni “qo’yilgan odam” sezib qolgan edi. Qo’yilgan doyi... Qo’yilgan odamlar... Yurtdagi har bir saylov shaxobchalari bularga to’lib-toshgan, kimni o’chirish, kimni o’chirmaslik haqida bular xirillab turardilar... Xirillab!... Qani ovoz bermay ko’r-chi!.. Kimning boshi ikkita?!.. O’nta, yuzta, mingta, o’nmingta, yuzmingta, millyonta bo’lmaydimi?!. Turli usul, turli firib, turli to’hmat bilan yitadi... To’qson ikki foyiz ovoz olishning o’zi bo’ladimi?.. To’qson ikki foyiz!.. Biron yurtda shuncha ovoz olgan shavvoz bormi?.. Bu - yer yuzida rekord KO’RSATGICH!.. Rekord!. Ura!!. Buyuk g’alaba!!!  Butun dunyo xalqi bunga ishonadi, ura!...

-               Demokratik davlatda yashyapmizmi o’zi? – o’zini qo’lga olib javob qaytardi Ra’no.

-               Nima, bunga shubhang bormi? – savolga savol bilan javob qaytardi Bog’ot tuman IIB ining Jinoyat Qidiruv bo’limi boshlig’i Amatjon.

Shuni alohida qayt etish joizki, O’zbekiston qonunlariga xilof ravishda yigirmata tezkorning birortasi ham o’zlarini tanishtirmaganlar, tanishtirishni istamaganlar. Shu sababli ularning ismi-shariflarini Bahrom ham, Ra’no ham bilmas edilar.

Er-xotinni bir xonadan chiqarmay turar ekanlar, tintuv dahshat bilan, baqiriq-chaqiriq, so’kish, to’polon bilan davom etdi. “Muncha qutirib ketmasa bu milisalar? – deb o’yladi Ra’no, -kim bularga muncha cheksiz-chegarasiz huquq bergan? Kim?!. Kimlar?!. Bulardan bosqinchilar, o’g’ri-kazzoblar yaxshi. Ming marta yaxshi. Ular olarlarini oladilar-da, indamay chiqib ketadilar. Tergab, qamab, tahqirlab, qon ichib o’tirmaydilar.

Nihoyat tintuv tugadi. Uyda O’zbekistonda nashr etilgan “Ibodati islomiya”, “Islom vazifalari”, “Hajnoma” kitoblari bor edi. Yana Ra’no boshliq hususiy firmaga tegishli ikkiyuz ming so’m pul...  Yasavullar bularni rasmiylashtirib oldilar. So’ng tezkorlar divanga to’shalgan ko’rpacha tagidan “Hizbut-tahrir” kitobchasi, kursi ostidan “Hizbut-tahrir”ga tegishli to’rtta varaqa va Bahrom Adamboevning stulda turgan shimi cho’ntagidan 1,08 gramm geroin “topib oldilar”.

-               Xudodan qo’rqmaysizlarmi, to’hmat qilishga? – O’zini mardona tutib so’radi Ra’no. – Bu narsalarni qasddan o’zlaring tiqib qo’ydilaring. Qasddan!.. Ataylab!!. Qonunni o’zlaring buzyapsizlar. Bu haqda prezidentga yozamiz.

-               Oldin ham yozgan edilaringiz, mana shuning javobi, - deydi ko’zlarini chaqchaytirib Amat.

-               Endi kimga yozsalaring yozaveringlar, ming dodlaring bir tiyin! – xirillab kuldi Bahrom Safoev. – Prezident biz bilan. Nohotki buni shu paytgacha tushunmasalaring!..

-               Endi tushunib olishadi, zaharli kuldi Amat.

-               Ikkovini ham qamaymiz, bular Prezident dushmanlari, demak xalq dushmanlari bular. – Dedi bo’kirib Safoev.

-               Qo’lingda osmon bo’lsa, tashlab yubor! – dedi zardasi qaynab Bahrom, - Sizlarga ham xudoning bitgan balosi bordir. To’hmat, harom – sizlarning yemishlaring.

-               Ovozingni o’chir! – yasavullar uni urib, tepishdi.

So’ng Bog’ot tumani IIB binosining tergovxonasiga olib kelishdi. Bu yerda uning ayoq-qo’lini kishanlab, uch kun urishdi.  Elektr tokiga solishdi. Ben Lodan Usoma, Tohir Yo’ldosh, Juma Namongoniy, Nabohoniylarga bog’lashdi. “Hizbut-Tahrir” kitobchasi, to’rtta varaqa va 1,08 gramm geroinni bo’ynigga olasan, bo’lmasa o’ligingni chiqaramiz, deyishdi.

-               O’ldirsalaring o’ldiraveringlar, hech qachon yolg’onni yozib bermayman!, - dedi Bahrom: - o’zi jonga ham tegib ketdi bu hayot. Baribir cizlar yashashga bermaysizlar. O’ldiraveringlar!

-               Xotiningni ko’z oldingda zo’rlaymiz va qamaymiz! – dedi Bahrom Safoev, - yaxshilikcha “uyimdan “Hizbut-tahrir” kitobchasi, to’rtta varaqa, 1,08 gramm geroin chiqdi” deb yozib ber.

-               Yozmayman! – dedi bo’shashib, Bahrom.

-               Xotinini olib kiringlar! – bo’kirdi Bahrom Safoev.

Ra’noni sudrab kirishdi. Bahromning chap qovurg’asini urib sindirishdi. Choti orasiga tepishdi. Bahrom g’ujnak bo’lib yiqildi. Bahrom hushiga kelganda, qo’shni tergov xonasida Ra’noning chinqirig’i eshitildi. “Bu yovuzlar har qanday iflosliklardan qaytmaydilar, -deb o’yladi, - yurtda bunday voqealar ozmi?...”

U qon-qon yig’lab, yozib berishga majbur bo’ldi.

Keyinroq, Urganch zindoniga tiqilgach, eshitdiki, asli Tojikistonda  tug’ilgan, Surxondaryo viloyatida yashagan va zamona zayli bilan bir tanishinikiga qo’noqqa kelgan Abduhakim Ahadovga ikki masalani ko’ndalang qilib qo’yishadi:

-               Ben Ladon Usama, Tohir Yo’ldosh, Juma Namongoniylarning maxsus topshiriqlari bilan “Hizbut-tahrir” kitoblari va tuzumga qarshi varaqalar olib kelgansan.

          Yoki

-               Geroin sotgani kelgansan...

-               Ikkovidan birini bo’yningga ol! – deb Abduhakim Ahadovni sindirishadi tezkorlar.

Chidab bo’lmas qiynoqlardan so’ng Abduhakim geroinni bo’yniga olishga majbur bo’ladi.

-               Endi er-xotin Bahrom bilan Ra’noga ko’rgazma ber! – buyurishadi yasavullar.

-               Meni gunohga botirmanglar, men ularni tanimayman, - deydi Abduhakim.

Tag’in uni urib, tepishdi. U qonga botib qoladi va Bahrom bilan Ra’noga qarshi ko’rgazma beradi...

Qo’shni tergov xonasidan Ra’noni kasalxonaga olib borishga majbur bo’ladilar. Undan qon ketadi. Homilasi tuhsadi, kasalxonada...

Bahrom Adamboevning onasi Lola xolani kim o’ldirdi? Kimlar?..

Bahrom Adamboevning endi yorug’ dunyoga kelayotgan bolasini kim o’ldirdi? Kimlar?..

Bu qotillar O’zbekiston Qonuni oldida javob bermas ekanlar, Jaxon Xalqaro Sudi oldida, butun insoniyat oldida javob berishlarini talab qilamiz.

Yovuz tezkorlar Bahrom Rajabovich Adamboevni aldashdi: Ra’noni qo’yib yuborishmadi.

Xorazm viloyati Bog’ot tuman sudida Abduhakim Ahadov Bahrom bilan Ra’noni mutlaqo tanimasligi, tezkorlarning dahshatli qiynoqlari ostida ularga to’hmat ko’rgazma berganligini aytdi. Bahrom ham, Ra’no ham bor haqiqatni gapirdilar. Lekin, yuqori ko’rsatmasi bilan ish ko’rayotgan sudya Bahrom Adamboevni 12 yilga, Ra’no Sultonovani 10,5 yilga, baxtiqaro Abduhakim Ahadovni 12 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Adolatparvar xalqaro tashkilotlardan bu begunoh do’stlarimizga yordam berishlarini so’raymiz.

23-avgust, 2002 yil, qamoqxona mahbuslari.

 

                                                                                 Информационный центр  Общества правозащитников   MAZLUM 

 MAZLUM MAIL

 Ваше имя:  Пароль:

  Нужен  новый электронный адрес?

   

                Sign Up with mazlum mail

Technical Support Help Password Reminder

                                             

[ Sign our Guestbook] - [Read our Guestbook ]
[Guestbook by TheGuestBook.com]

The Hunger Site

© Ваши замечания по  сайту

Hosted by uCoz