MAZLUM
Mazlumuz  MAZLUM

WorldBookDealers                                                                           Общество   правозащитников   МАЗЛУМ

                                                             На главную страницу    
                      

                                                       YUZ MINGLARDAN BIRI:

                                                              Bahodir Norqobilov

            Ajiriqni uzib tashlash befoyda. Pechak, shumg’iyani ham. Tag tomiri bilan qo’porib tashlamasang, o’sib chiqaveradi. Yon atrofida hosilga kirgan va kirayotgan o’simliklarning sho’rini quritaveradi…

            Men tutqinlikda shunday shumg’iyalarning kasofatiga qolgan  yuzlab, hatto minglab mahkumlar bilan gaplashdim. Quyida shu minglarning biri haqida hikoya qilaman…

Uni bu erda “Baho” deyishadi. To’lig’icha ismi sharifi: Norqobilov Bahodir Ochildievich. 1971 yilda Surxandaryoning Denov tumanidagi “G’alaba” kolxozida tug’ilgan. Uning otasi Ochildi og’a ham, onasi Mahkamtosh xola ham keksayib qolganlar. Ochildi og’aning to’rt o’g’il, to’rt qizi bor. Bahodir to’ng’ich farzandi. U 1987 yilda o’rta maktabni tamomlagach, rostov-Donda ikki yil Sovet Armiyasida xizmat qildi. Oliy ma’lumot olishni orzu qilardi… Lekin, to’ng’ich farzand, ota-onasining yoniga kirishi, ukalari va singillariga qarashishi kerak edi. Qolaversa o’qish uchun pul kerak. Hozircha qo’li kaltalik qiladi. Nachora? Ishlashdan boshqa yo’l yo’q. Bahodir maktabda yaxshi o’qirdi. Hisob-kitob ishlariga usta, elib-yugirishni yaxshi ko’radi. Jinday tashkilotchiligi ham bor. Muomala san’atini yaxshi biladi. Uning eng yaxshi fazilati: mehnatdan qochmaydi, yolg’on so’ylamaydi. Faqat juda ishonuvcha va soddadil u…

Ochildi og’a o’z tanish-bilishlari bilan orqali uni Denov tuman ko’zi ojizlar  jamiyatiga ishga joylashtiradi. Bahodir yurakdan ishga sho’ng’ib ketadi. Ota-onasi uni 1993 yil 3 senyabrь kuni Dilorom ismli qizga o’ylantirib qo’yishdi. Kelin ham ishga chechan, esli-hushli chiqdi. Uy-joyini gulday qilib qo’yish bilan tuman markazidagi harbiy qismda kompyutrchi bo’lib ishlay boshladi. Birin ketin Dostonbek ismli o’g’il va Zarina ismli qiz tug’ib berdi. Ochildi aka xonadoni tinch-totuvlik, qut-baraka bor edi. Bu xonadonni tanish-bilish, qo’ni-qo’shnilar juda hurmat qilishar, biror kimsa qamoqxona eshigini ko’rmagan edi.

Lekin… Tabiatan soddadil, ishonuvcha Bahodir kutilmaganda shumg’iyalar makriga ilinib qoldi. Hamma mojaro Xudoynazar Xidirovdan boshlandi.

27 yoshli Xudoynazar Bahodirning bolalik o’rtog’i. Bozorlarda savdo-sotiq bilan shug’ullanadi. Asosan Toshkentdagi “Mirobod” bozorida meva-cheva sotadi. 2000 yilning yanvar oyida u Baxodirning uyiga keladi. Bir piyola choy ustida:

- Sizning oldingizga bir iltimos bilan keldim. Bilaman bu ish sizning qo’lingizdan keladi. Yo’q demaysiz. Toshkentda limon yaxshi ketayapti.  Menga uch tonna limon olib bersangiz. Foydasini o’rtada teng bo’lamiz - deydi Xudoynazar.

Baxodir foydadan ko’ra devday yigitning iltimosini erda qoldirgisi kelmadi. “Hazarbog’” bog’dorchilik jamoa xo’jaligidan Xudoynazarga 3 tonna limon olib berdi.Bu foydasi bilan 750 ming  so’m degani. Buncha pul albatta Bahodirda yo’q edi. Tanish-bilishlaridan qarz-qavola qildi. Xudoynazar uzog’i bilan bir oy ichida 450 ming so’mni Bahodirga qaytarishga qat’iy so’z berdi.

Biroq Xudoynazar yanvar oyida 3 tonna limonni qarzga olib ketganicha may oyi ham keldiki qorasini ko’rsatmadi. Bahodir bezovta bo’la boshladi. U otasi bilan kengashib 5 may kuni Toshkentga “Mirobod” bozoriga kelishga majbur bo’ldi. “Qo’l bilan berib oyoq bilan olasan”, degan gap bejiz aytilmagan ekan. Bahodirning talabiga Xudoynazar:

-        Pulni birovga berib qo’ygan edim, - dedi. – 8 may kuni keling, pulingizni olasiz.

- Xo’p uka, - dedi noiloj Bahodir. Yana eb ichish, yotib-turish deganday xarajat-u chiqimlar, yana kutish…

2000 yilning 8 may kuni ertalabdan shomgacha  bahodir “Mirobod” bozorida olma, uzum, mandarin  sotib o’tirgan Xudoynazarning oldidan jilmadi. Xudoynazardan qarzga pul olib ketgan shumg’iyani kutaverib toqati toq bo’ldi., boshi og’rib, qon bosimi ko’tarilib ketdi. Nihoyat, kechki soat to’qqizlarga yaqin ko’p odamlarni kuydirib xonavayron qilgan tuban kimsa Anvar Abdukarimov miliцiya kiyimida keldi. Uning o’zi bor-yo’g’i kichik serjant bo’lsa ham, o’zini osmon-u falakda tutishi va tinmay maqtanishi Bahodirning g’ashini keltirdi. Lekin sir boy bermadi. Asli Qibraylik bo’lgan bu shumg’iya O’zbekiston respublikasi Oliy sudida qo’riqlash (oxrana) bo’limida ishlagani, qancha-qancha sud, prokuror, nufuzli amaldorlarni taniganligi, ular orqali qancha-qancha odamlarning og’irini engil qilgani, qo’lida millionlar o’ynagani, sud’yalar, prokurorlar, amaldorlar boyigandan boyiganlarini, endi boshiga og’ir ish tushib Turkiston konцert saroyida oxranada ishlayotgani haqida o’zidan-o’zi vaysab ketdi.

- Men uyga ketishim kerak, - dedi Bahodir, - ota-onam, bolalarim ko’zlari to’rt bo’lib meni kutib o’tirishibdi. Hozir hatto yo’lkiraga ham pulim qolmadi. Qarzlarimni ham holi-jonimga qo’ymay qichashayapti…

- Hozir bir ovqatlanib olaylik, mehmon. – Taklif kiritdi Anvar Abdukarimov – Pulingizni bugun “estь” qilamiz. Bugun kech bo’ldi, endi baribir ertaga jo’naysiz. Bugun qittay-qittay otib otamlashamiz, keeyin Qibrayga o’tamiz, pulga… Ertalab sizni o’zimiz kuzatib qo’yamiz. Xo’p deng!

Ular “Mirobod” bozori oshxonasiga kirishdi. Eyishdi, ichishdi. Anvar shumg’iya ancha ochilib ketdi:

- Hozir bizda nimaning bozori chaqqon? Qora dori, nasha, xanka, geroinni… Bundan qancha-qancha kishi boyib, qutirib ketyapti. Ayniqsa pogon taqqanlar, tezkorlar deganday… Masalan Surxandaryodami, Toshkentdami, qayrda bo’lsa ham geroin, xanka, qora dori bilan qo’lga tushsalar bas, bayram bo’lib ketadi. Ham pachka-pachka pulini shiladi, yana ko’kidan deng, ham geroin, xanka, nashasidan uradi. Masalan 10 kg xanka bilan kim qo’lga tushsa 9-9,5 kg.mi milisada qoladi… Bundan jinoyatchi ham xursand, milisa ham xursand. Bo’lmasa otilib ketadi-da… Uning dardi ichida qoladi… Qo’lga tushgan “o’lja”ni miliцionerlar o’zlarining yollanma odamlari bilan sottirib boyib ketishayapti. Qani buning hidi biror erdan chiqadimi? Yo’q! Tekshiruvchilar ham, tutuvchilar ham, qamovchilar ham o’zlari… Bundan tashqari davlat miqyosida ham bu ishning boshqaruvchilari bor. Katta odamlar… Juda katta odamlar… Yuz ming qora mehnat qilsang ham suprang oqarmaydi, lekin bir-ikki marta geroin sotsang birdan boyib ketasan. Ishning ko’zini bilish kerak-da, og’aynilar…

Bu gaplardan ancha keyin, ha, ancha keyin Bahodir Norqobilov qamoqqa tushgach narkotik moddalar savdosi bilan shug’ullanib qamalgan yuzlab odamlarga o’zi istasa-istamasa duch keldi, gaplashdi, dardlashdi. Shunda ming afsuslarki, u aniq bildiki,  qallob Anvar Abdukarimovning gaplari mutlaqo to’g’ri ekan… Bu jamiyat uchun, Vatan uchun, qanchalik kuchli dahshat, ofatki, buni ildiz-ildizi bilan qo’porib tashlamasa hech qachon yorug’ kun kelmaydi.

Uzr, mavzudan bir-oz uzoqlashdik. Yana oshxona hangomasiga qaytamiz.

- Davlat kim bilan tirik, bilasizlarmi o’zi? – Anvar qallob gapida davom etdi… - biz bilan! Biz miliцionerlar bilan!!! Milisa zoti bilan hech qachon san-manga bormagan ma’qul. Biz bor ekanmiz, prezident ham bor. Davlat bizga ishonadi. Bu nima degani? Bu erda ikkovlaring ham ukam qatorisizlar, bilasizlarmi qancha-qancha odamlar izsiz yo’q bo’lib ketayapti. Sizlarga o’xshaganlarning nechtasi… Buning izidan kim quvsa uning o’zi ham yo’q bo’lib ketayapti. Buni nima deb o’ylaysizlar? Chunki har qanday o’g’rining, hatto cho’ntakkesarning ham orqasida kim turadi?… E, soddasizlarda og’aynilar, soddasizlar…

Bahodir ancha kayf bo’lib qolgan bo’lsada: “Bu bizni qo’rqitayaptimi? - deb o’ylardi. – Pulni berarmikan?.. Berar… Axir u Xudoynazar bilan 4-5 yildan beri tanish-ku. Ammo gaplari qo’rqinchli, bizga tahdid borday… O’ldimi? Biz unga bir og’iz ham qattiq gap aytmadik-ku! Balki hamma gaplari samimiy, to’g’ridir, yana kim biladi, deysiz?”

Yana ichishdi. So’ng Anvar Abdukarimov Bahodirning qo’liga kichik bir oq paket berdi, va:

- Bu pul… - dedi. – Cho’ntakka uring. Hozir Qibrayga boramiz. Bir odamga uchrashamiz. Siz Surxandaryoliksiz. Sizga ishonadi. Unga shu paketchani ko’rsatasiz, yana bor deysiz… Hammasi na mazu bo’ladi.

- Yo’q, men bormayman, charchadim, boshim qattiq og’riyapti, oyog’im ham tortmayapti. Mang, bu narsangizni oling,  menga pulni bering.

- Birinchidan, Bahodir uka, men sizni tanimayman. Sizdan bir so’m ham olmadim, to’g’rimi? Men Xudoynazar bilan aka-uka tutinganman. YArim million so’mni Xudoynazardan oldim. Meni noqulay ahvolga solmang, gap bitta bo’ladi, lavfz halol. Menam shim kiyib yuribman, uka. Odamni xafa qilmang…

Qallob Anvar so’nggi gapni tahdid bilan aytdi. Bahodir jim bo’lib qoldi. Tag’in ichishdi. So’ng uchchovi Maksim Gorьkiy nomli metrogacha taksida, so’ng Qibraygacha marshrutkada borishdi. Qibray tuman IIBidan bir bekat o’tishdi, “Aziz” kafesi biqinidagi to’rt qavatli uy oldiga kelishgach Anvar shumg’iya: “Hozir kelaman…”, deb shu uyga kirib ketdi. Bahodir bilan Xudoynazar uni ko’chada bir soatcha kutishdi. Undan darak bo’lmadi. Bahodir cho’ntagidagi yupqa oq paketchani ham unutdi. Xudoynazar unga:

- Anvar akaning boshiga bir-ikki marta og’ir ish tushdi, bundan qutilish uchun ko’p puli ketdi.Bir gal men bilan “Turkiston” konцert saroyi oldida turganida bir xotin kelib uni yoqasidan oldi. “Endi aldab qochib yurganing etar, - bir yarim ming dollar pulimni ber, hozir bermasang to’ppa-to’g’ri Oliy sud – Mingboevni oldiga kiraman, butun qallobligingni ochib tashlayman”. O’sha paytda Anvar aka Oliy sudning oxranasida ishlardi. Aytishicha ayolning qamalayotgan o’g’lining ishiga aralashgan, katta pulga sudьya bilan gaplashgan, lekin nima sababdandir bu gal ishi yurishmay qolgan ekan. Anvar aka uch-to’rt marta qattiq tushganini bilaman. Lekin orqasi katta… Haligi oshxonada aytgan gaplari hammasi rost. O’zi ham o’sha kattalarning qoradori, geroinlarini sotib yuradi…Bunda ham Anvar akaning qo’li bor deyishadi… Lekin u menga bir tayanchday. Hali aytdim-ku, orqasi katta… Toshkentda kimgadir tayanib yurmasang bo’lmaydi. Hatto u Alimatovaning jiyani Baxtiyor bilan ham qalin. O’zining aytishicha, Chirchiq shahar milisasining boshlig’i Sulton degani ministr Alimatovning qayni ekan… Ko’rdingmi, kuchli odam u… O’zi endi 33 yoshga kirgan… Qisqasi, uni bilan og’ayni bo’lsang ko’chada qolmaysan…

SHu payt ularning oldiga, aniqrog’i “Aziz” kafesining yoniga bir “Volga” bilan bir 06 “Jiguli” avtomashinalari kelib to’xtadi. Fuqaro kiyimidagi qurollangan yasovullar mashinalardan tushib Bahodir bilan Xudoynazar tomonga qarab yurishdi. Ulardan bittasi gugurt so’radi va birdan Bahodirning biqiniga to’pponcha tirarkan:

-  CHiqar cho’ntagingdagi narsalarni, - dedi zo’r tahdid bilan. Ammo u o’z buyrug’ina o’zi amal qilmadi, Bahodirning hamma cho’ntaklarini o’zi birma-bir titib chiqdi. Bu paytda Xudoynazarni “Volga”ga  tiqishdi. Bahodirni esa “Aziz” kafesiga sudrab kirishdi.

- Oraga hech kimni qo’shmanglar! – dedi o’ttiz yoshlar chamasidagi, oliftalarcha kiyingan, gap-so’zi-yu, turish turmushidan o’zini katta zang tutayotgan tezkor.

- Oraga hech kimni qo’shmanglar, o’zlaringga yaxshi bo’ladi, - deb takrorladi u.

Bahodir Norkobilov oq paketcha ichida geroin borligini shu erda yuildi. Uning yuzi dokadek oqarib ketdi. Azoi badani qaltiray boshladi. Xudoynazarni ham sheriksan deb sudrab kelishdi. Ikkovi ham qallob Anvar Abdukarimov bilan bo’lgan voqeani titrab-qaqshab so’zlab berishdi.

- Anvarni esdan chiqaringlar! – Baxtiyor ismli tezkor Bahodirning boshiga to’pponcha bilan urib. – Uni qo’shmay tushuntirish xati yozinglar. Engillik bo’ladi.

-        Dangalmi? – so’radi Xudoynazar.

- Dangal! – Javob berdi Qibray tumani IIBning jinoiy ishlar qidiruvi bo’limi boshlig’i Doniyor.

Keyin Bahodir bilan Xudoynazarni Toshkent viloyat, Qibray tumani IIB binosiga, o’rinbosar Shavkatning kabinetiga olib kelishadi. Bu erga Bahodir ismli tergovchi, Baxtiyor va Doniyorlar to’planishadi. Dangal savdo ketadi. Ha, mutlaqo ochiq savdo ketadi. Ьahodirga olti ming, Xudoynazarga besh ming dollar pul yuklashadi.

- Shu narsa estь bo’lsa, sizlarni qo’yib yuboramiz, - deydi qo’lida uyali telefonni oliftalarcha o’ynab Bahtiyor “jiyan”.

Doniyor o’z kabinetida Bahodir Norqobilovning iltimosiga ko’ra Toshkentdagi yaqin tanishi Afzalni telefonda chaqirtiradi. Afzal tezda IIBga etib keladi. Doniyor Afzalga jinoyat jiddiyligini tushuntiradi. “Tezda olti ming dollar topib keling”, deydi. Bu gap-so’z Bahodirning ishtirokida bo’lib o’tadi.

Biroq Afzal boshini qancha teshikka tiqmasin, pul topolmaydi. Doniyorning oldida Bahodirga: “Otangni hurmati uchun 06 “Jiguli”mni beraman”, deydi.

- Yo’q, qo’ying aka, peshonada ne yozilgan bo’lsa shuni ko’raman, - deydi Bahodir taqdirga tan berib.

Shundan keyin Doniyor Denov shahridagi Bahodirning amakisi uyiga telefon qilib voqeani aytadi va pul talab qiladi. Bahodirni Po’lat ismli amaki akasi bilan telefon orqali bog’lab pul so’ratadi. Natija bo’lmaydi. “Mirobod” bozoriga tezkor Baxtiyor bilan tergovchi Bahodir ikki marta kelishib Xudoynazarning qishloqdoshlarini izlaydi. Abdulla ismli qishloqdoshlarini topib Xudoynazar voqeasini, uning ozodlikka chiqishi uchun besh ming dollar kerak ekanligini aytishadi. Bu gap so’zni bozorda savdo-sotiq qilishayotgan Lola, Zoir, Yusuf, Shamsiddin kabi hamqishloqlar ham eshitadilar. Biroq ular qancha zir yugirishmasin, besh ming dollar topisholmaydi.  Tezkor Baxtiyor bilan tergovchi Bahodir Xudoynazar Xidirovning Toshkentdagi do’sti – Abdullaning kvartirasiga sim qoqishadi. Biroq behuda. Pul anqoning urug’i…

Shundan keyin Qibray tuman IIB yasovullari – Shavkat, Baxtiyor, Doniyor, Bahodirlar shuncha yugirib sariq chaqa ham ololmaganliklari uchun alamlaridan qutirib ketishadi va ularni 12 maygacha qiynoqqa solishadi. Erga qotirilgan sutullarga kishanlab, o’lguday urishadi. Har kuni bu ikki yigit hushidan ketadi, hushuga keladi. Badanlari ko’karib momataloq bo’lib ketadi. Qamalganlariga besh kundan keyin, ya’ni 2000 yil 13 mayda bu ikki sho’rpeshonani qamash uchun Qibray tuman prokuroridan sankцiya olishadi. Biroq ularni prokuraturaga olib borishmaydi.

2000 yil avgust oyida Toshkent viloyat sudi Bahodir Norqobilov bilan Xudoynazar Xidirovning “jinoiy ish”larini ko’rib chiqadi. Lekin sudьya yasovullarning loaqal biror so’zini o’zgartirishga yoki unga biror qo’shimcha qilishga qurbi etmaydi. Sud Bahodir Norqobilovni 13 yilga, Xudoynazar Xidirovni 12 yilga ozodlikdan mahrum etadi… Bosh jinoyatchi qallob Anvar Abdukarimov Bahodir Norqobilovga o’xshash yana qancha-qancha begunoh odamlarning navqiron hayotlarini barbod etish uchun suvdan quruq chiqadilar. Shu tarzda tag-tomiri bilan qo’porilmagan shumg’iyalar gurkirab o’saveradi…

 

                                                                           1 avgust 2002 yil. Toshkent.

Tutqin Mirzo.

Информационный центр  Общества правозащитников    (MAZLUM)

 MAZLUM MAIL

 Ваше имя:  Пароль:

  Нужен  новый электронный адрес?

   

                 www. mazlum.org

Technical Support Help Password Reminder

                                                                                         

[ Sign our Guestbook] - [Read our Guestbook ]
[Guestbook by TheGuestBook.com]

The Hunger Site

© Copyright 2002, MAZLUM

Hosted by uCoz